O‘zbekistonlik yana bir startap Y Combinator akseleratoriga qabul qilindi!
2026-11-09 13:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonlik yosh tadbirkorlar xalqaro startap maydonida yangi natijalarga erishmoqda. Buning navbatdagi misoli — Husan Mavlonov asos solgan Defex Robotics startapining Y Combinator akseleratoriga qabul qilinishi.
Husan Mavlonov, shuningdek, San-Fransiskodagi Yoshlar Ventures rezidenti hisoblanadi.
Bu Y Combinator dasturiga qabul qilingan uchinchi o‘zbekistonlik startap. Bungacha Speko (S26) va Twolabs (P26) ham ushbu akselerator ishtirokchilariga aylangan edi.
Defex Robotics ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirishga ixtisoslashgan. Startap zavodlarda elektr ulagichlarini o‘rnatish, ularning mustahkamligini tekshirish hamda sinov natijalarini qayd etish imkonini beruvchi robototexnika yechimlarini ishlab chiqmoqda.
Y Combinator — Airbnb, Dropbox va Stripe kabi global kompaniyalarning rivojlanishiga yordam bergan dunyodagi yetakchi startap akseleratorlaridan biri.
Husan Mavlonov va uning jamoasini ushbu yutuq bilan tabriklaymiz!
O‘zbekistonlik yoshlarning innovatsion g‘oyalari xalqaro miqyosda e’tirof etilib, global bozorlarga yo‘l ochmoqda.
