MDH Yoshlar forumi ishtirokchilariga Sergey Lebedovning tabrigi
2026-10-23 18:00:00 / Yangiliklar

Aziz do‘stlar!
MDH Ijroiya qo‘mitasi nomidan MDH mamlakatlari Yoshlar forumi tashkilotchilari va ishtirokchilarini qadimiy va hamisha navqiron O‘zbekiston zaminida, Buyuk ipak yo‘lining qoq markazida — muhtasham Xiva shahrida qutlashdan chin dildan mamnunman.
Ko‘p asrlik merosni asrab-avaylab kelayotgan ushbu noyob shahar-muzey bugun butun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kelajagini belgilab beruvchilar — iste’dodli va ilg‘or yoshlarimizni o‘ziga jalb etuvchi markazga aylangani ramziy ma’noga ega.
O‘zbekiston Respublikasi yosh avlodga ko‘rsatilayotgan davlat ko‘magi va e’tibori uning har tomonlama kamol topishiga xizmat qilishining yorqin namunasidir. O‘zbekiston hayotning turli sohalaridagi yutuqlari bilan Hamdo‘stlik yoshlarini ilhomlantirishda davom etmoqda.
2024-yilda Toshkent shahri MDHning birinchi Yoshlar poytaxti bo‘lgani bejiz emas. O‘zbekistonda MDHga a’zo davlatlar jamoat tashkilotlari va volontyorlari forumlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda mamlakatni mehmondo‘stlik, innovatsiyalar va xalqaro yoshlar hamkorligi markazi sifatida ishonchli namoyon etuvchi boshqa bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash va yangi avlodning novatorlik salohiyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan Xiva forumi Hamdo‘stlik makonidagi faol yoshlarning o‘zaro hamkorligi uchun mo‘ljallangan an’anaviy maydonlarni sezilarli darajada to‘ldiradi. “MDH uchun 100 g‘oya” xalqaro loyihasi, MDH mamlakatlari yosh olimlar forumi, Issiqko‘l yosh intellektuallar forumi va boshqalar shular jumlasidandir. Bugungi kunda davlatlarimiz oldida turgan ulkan vazifalarni yoshlarning g‘ayrati, jasorati va yangicha qarashlarisiz muvaffaqiyatli hal etib bo‘lmaydi.
Ishonchim komilki, shu kunlarda Xivada ilgari surilgan tashabbuslar, jumladan, Yoshlar innovatsion laboratoriyasini tashkil etish doirasidagi loyihalar hayotga tatbiq etiladi va davlatlararo hamkorlikka kuchli turtki beradi.
Forumning barcha ishtirokchilariga samarali munozaralar, ishonchli hamkorlar, yorqin kashfiyotlar va bitmas-tuganmas ilhom tilayman.
Hurmat bilan,
Sergey Lebedov
MDH Ijroiya qo‘mitasi Bosh kotibi
