Xivada yoshlarning tashabbuslari qo’llab-quvvatlanmoqda
2026-10-15 16:10:00 / Yangiliklar

“Turkiy dunyo yoshlar poytaxti – 2026” loyihasi doirasida Xiva shahrida Yosh tadbirkorlar va Yosh yetakchilar forumlari tashkil etildi.
Ikki kunlik dastur davomida yoshlar tadbirkorligi, yetakchilik salohiyatini rivojlantirish, ekologik ta’lim va zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar hamda tematik sessiyalar o‘tkazildi.
Forumlar doirasida ikkita muhim hujjat loyihasi muhokama qilindi:
Turkiy dunyo yoshlari o‘rtasida ekologik savodxonlikni oshirish bo‘yicha qo‘shma dastur;
Yoshlar orasida ekstremistik va radikal mafkuraning tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi.
Mazkur hujjatlar 2025-yilda Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida ishlab chiqilmoqda.
Tadbirlar davomida yoshlar tomonidan bildirilgan tashabbuslar hujjatda aks ettirilib, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning yoshlar va sport masalalariga mas’ul vazirlari yig‘ilishi kun tartibiga kiritishga kelishib olindi.









