O‘zbekiston shaxmatchilari poytaxtda tantanali kutib olindi
2026-09-29 09:00:00 / Yangiliklar

Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida yurtimiz sharafini himoya qilgan O‘zbekiston shaxmatchilari poytaxtda tantanali kutib olindi.
Toshkentdagi “Shimoliy” vokzalda tashkil etilgan kutib olish marosimida davlat tashkilotlari vakillari, sport sohasi mutasaddilari, yoshlar, shaxmat ixlosmandlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Bu galgi Olimpiada jahon shaxmati tarixidagi eng yirik musobaqalardan biri bo‘ldi. Samarqandda 205 davlatdan 397 ta jamoa va 1 970 nafar shaxmatchi jam bo‘ldi. O‘zbekiston esa mezbon davlat sifatida 6 ta jamoa bilan qatnashdi.
Kutib olish marosimida Olimpiadada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan barcha jamoalarimiz a’zolari, murabbiylar va delegatsiya vakillari qarshi olindi. Ularning Samarqanddagi ishtiroki, erishgan natijalari va mamlakatimiz shaxmat maktabining xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi.
Olimpiadaning eng katta natijasi O‘zbekistonning ikkinchi bor Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritgani bo‘ldi. Shu bilan birga, ayollar jamoalarimiz, boshqa tarkiblarimiz hamda individual bahslarda sovrinli o‘rinlarni egallagan shaxmatchilarimizning natijalari O‘zbekiston delegatsiyasining umumiy muvaffaqiyatini yanada boyitdi.
Poytaxtdagi kutib olish marosimi ham ana shu katta shaxmat bayramining mantiqiy davomi bo‘ldi. Shaxmatchilarimiz davlat bayroqlari, olqishlar va samimiy qutlovlar bilan qarshi olindi.
Samarqandda tarixga muhrlangan Olimpiada va shaxmatchilarimiz qo‘lga kiritgan yuksak natijalar yana bir bor muborak bo‘lsin!






