O‘zbekiston – ikki karra Shaxmat olimpiadasi chempioni
2026-09-28 09:00:00 / Yangiliklar

2026-yil 16–27-sentabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi O‘zbekiston shaxmati tarixidagi eng yirik sport voqealaridan biriga aylandi.
Olimpiada ilk bor 205 davlat, 397 ta jamoa va 1 970 nafar shaxmatchini bir maydonda jamladi. O‘zbekiston esa ushbu nufuzli musobaqada 3 ta erkaklar va 3 ta ayollar jamoasi bilan ishtirok etdi.
Olimpiadaning eng katta natijasi, shubhasiz, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasining chempionligi bo‘ldi. Asosiy tarkib 11 turdan 10 tasida g‘alaba qozonib, 20 ochko bilan musobaqani birinchi o‘rinda yakunladi. Shu tariqa O‘zbekiston 2022-yildagi tarixiy muvaffaqiyatini Samarqandda takrorlab, ikki karra Shaxmat olimpiadasi chempioniga aylandi.
Kuchli raqiblarga qarshi kuchli bahslar
O‘zbekistonning chempionlik sari yo‘li turnirning eng kuchli jamoalariga qarshi kechdi. Terma jamoamiz Olimpiada davomida Hindiston, Xitoy, AQSh va Ukraina singari FIDE reytingida TOP-10 qatoridan joy olgan jamoalarni mag‘lub etdi. Bu natijalar O‘zbekistonning yakuniy birinchi o‘rni butun turnir davomida ko‘rsatilgan barqaror o‘yinning natijasi bo‘lganini ko‘rsatdi.
Jamoaviy muvaffaqiyatda shaxmatchilarimizning individual natijalari ham muhim o‘rin tutdi. Xususan, Nodirbek Yoqubboyev Hindiston, Turkiya, Xitoy va AQShga qarshi hal qiluvchi bahslarda muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritdi.
Olimpiada yakunida vakillarimiz alohida doskalar bo‘yicha ham sovrindorlar safidan joy oldi. Nodirbek Abdusattorov musobaqani biror marta mag‘lubiyatga uchramasdan yakunlab, 1-doskada oltin medal sohibi bo‘ldi. Javohir Sindorov 2-doskada bronza, Nodirbek Yoqubboyev esa 3-doskada kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa jamoaviy chempionlikka uchta individual medal ham qo‘shildi.
O‘zbekistonning boshqa tarkiblari ham Olimpiada davomida kuchli raqiblarga qarshi muhim tajriba to‘pladi. O‘zbekiston-2 erkaklar jamoasi Ispaniya, Angliya va Niderlandiyani mag‘lub etib, yakunda 18-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston-3 jamoasi esa musobaqani 60-o‘rinda yakunladi.
Ayollar jamoalarimizdan munosib ishtirok
O‘zbekiston Olimpiadaning ayollar bahslarida ham uchta jamoa bilan qatnashdi. Asosiy terma jamoa 11 turdan 7 tasida g‘alaba qozonib, 15 ochko bilan 13-o‘rinni egalladi.
Turnir davomida O‘zbekiston-1 ayollar jamoasi Niderlandiya, Sloveniya, Argentina va Peru ustidan g‘alaba qozondi. O‘zbekiston-2 jamoasi umumiy hisobda 35-o‘rinni, O‘zbekiston-3 esa 47-o‘rinni egalladi. Uchta ayollar tarkibining bir Olimpiadada qatnashgani esa ko‘proq shaxmatchilarimizga eng yirik jamoaviy musobaqada xalqaro tajriba orttirish imkonini berdi.
Parashaxmatchilarimiz ham tarixiy natija qayd etdi
Samarqanddagi yirik shaxmat voqealari 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bilan cheklanib qolmadi. Olimpiada arafasida o‘tkazilgan III shaxmat Paraolimpiadasida O‘zbekiston parashaxmat terma jamoasi tarixiy natijaga erishdi.
Jamoamiz musobaqada bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu O‘zbekiston parashaxmat terma jamoasining Paraolimpiada tarixidagi ilk uchinchi o‘rni bo‘ldi. Shu tariqa Samarqand O‘zbekiston shaxmati uchun bir vaqtning o‘zida Olimpiada chempionligi va parashaxmatdagi tarixiy medal qayd etilgan maskanga aylandi.
Olimpiadani yuz minglab muxlis kuzatdi
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ko‘lamini faqat unda qatnashgan davlatlar va shaxmatchilar soni bilan baholash yetarli emas. Musobaqa kunlarida shaxmat Samarqanddagi o‘yin zallaridan chiqib, mamlakat bo‘ylab katta auditoriyani qamrab oldi.
Hududlarda tashkil etilgan fan-zonalarga 500 ming nafarga yaqin tomoshabin tashrif buyurdi. Olimpiadani bevosita kuzatish uchun esa Samarqandga 60 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy mehmon keldi. Bu ko‘rsatkichlar musobaqaning sport tadbiri bilan birga keng jamoatchilikni birlashtirgan katta xalqaro voqeaga aylanganini ko‘rsatadi.
Olimpiada bahslarini keng auditoriyaga yetkazishda Uzchess platformasi ham muhim o‘rin tutdi. Bahslarning jonli yoritilishi va professional sharhlar orqali tomoshabinlar nafaqat natijalarni kuzatdi, balki partiyalardagi murakkab vaziyatlarni ham tahlillar bilan birga ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi. Bu jarayonda Baxtiyor Jumayev va Safarmurod Ollaberganov singari sharhlovchilar ham faol ishtirok etdi.
Olimpiada mahalliy mutaxassislar uchun ham katta xalqaro tajriba maydoniga aylandi. 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ilk bor 55 nafar o‘zbekistonlik shaxmat arbitri bahslarda hakamlik qildi. Bunday miqyosdagi musobaqada o‘zbekistonlik hakamlarning keng tarkibda ishlashi mamlakatda nafaqat kuchli shaxmatchilar, balki xalqaro turnirlarni professional darajada o‘tkazishga qodir mutaxassislar maktabi ham shakllanayotganini ko‘rsatdi.
Хalqaro e’tiroflar
Samarqanddagi Olimpiada O‘zbekiston shaxmati uchun sport natijalari bilan bir qatorda bir qator xalqaro e’tiroflarni ham olib keldi. Musobaqa kunlarida O‘zbekiston Shaxmat Federatsiyasi “FIDE Excellence Awards 2026” doirasida “Eng yaxshi federatsiya” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Bu e’tirof O‘zbekiston shaxmatining so‘nggi yillardagi o‘sishi bilan bevosita bog‘liq. So‘nggi 10 yil ichida mamlakatimizning 17 nafar shaxmatchisi xalqaro grossmeyster unvoniga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, ularning 5 nafari ayollar hisoblanadi. Samarqandda mezbon jamoaning ikkinchi bor Olimpiada chempioni bo‘lishi bu rivojlanishning eng katta sport natijalaridan biri sifatida tarixga kirdi.
Olimpiada doirasidagi yana bir muhim voqea O‘zbekiston vakillarining xalqaro shaxmat tizimidagi o‘rni bilan bog‘liq bo‘ldi. Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha FIDE mintaqaviy prezidenti etib saylandi.
Shu jihatdan Samarqanddagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi O‘zbekiston uchun bir nechta muhim natijalarni bir maydonda jamladi. Ikkinchi Olimpiada chempionligi, uchta individual medal, parashaxmatchilarimizning tarixiy bronzasi, yarim millionga yaqin fan-zona tomoshabini, 60 mingdan ortiq mehmon, 55 nafar mahalliy arbitr va xalqaro e’tiroflar musobaqaning O‘zbekiston shaxmati tarixidagi o‘rnini belgilab berdi.
Eng muhimi, Samarqandda O‘zbekiston faqat Olimpiadaga mezbonlik qilib qolmadi. O‘zbekiston o‘z uyida ikkinchi bor jahon shaxmatining eng kuchli jamoasi bo‘ldi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi yopilish marosimida FIDE bayrog‘i tantanali ravishda keyingi mezbon mamlakat — Birlashgan Arab Amirliklariga topshirildi.





