Yosh muhandislar Jahon chempionati sari yo‘l oldi
2026-09-08 19:15:00 / Yangiliklar

5–6-sentabr kunlari Toshkent shahridagi InnoTexnoparkda O‘zbekiston Robototexnika va muhandislik assotsiatsiyasi tomonidan FIRST Global Challenge (FGC) robototexnika bo‘yicha Jahon chempionati uchun O‘zbekiston terma jamoasini saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizning 7 ta kuchli robototexnika jamoasidan 100 nafar yosh muhandis va dasturchi ishtirok etdi.
Ikki kun davomida ishtirokchilar murakkab texnik vazifalarni bajarish, robotlarni boshqarish va cheklangan vaqt ichida samarali yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha bellashdilar.
Musobaqada muhandislik bilimlari bilan bir qatorda tezkor fikrlash, strategik qaror qabul qilish va jamoaviy ishlash ko‘nikmalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Saralash yakunlariga ko‘ra, “Barkhan” jamoasi O‘zbekiston terma jamoasi sifatida tanlab olindi.
Endilikda jamoa 7–10-oktabr kunlari Koreya Respublikasida bo‘lib o‘tadigan FIRST Global Challenge Jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.




