Samarqandda Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi
2026-09-06 20:45:00 / Yangiliklar

Samarqand shahrida Parlamentlararo Ittifoqning Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. «Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yo‘lida» mavzusida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro anjumanda 60 ta mamlakatdan yosh parlamentariylar, 13 ta xalqaro tashkilot vakillari — qariyb 250 nafar delegat ishtirok etdi.
Konferensiyaning yopilish marosimida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev va Gana parlamentining a’zosi, IPU Yosh parlament a’zolari byurosi a’zosi Joycelyn Quashie xonim birgalikda so‘zga chiqib, ikki kunlik anjumanning yakuniy hujjati — Samarqand deklaratsiyasini o‘qib eshittirdilar. Hujjatda inson huquqlarini himoya qilish, adolat va inson qadr-qimmatini ta’minlash, raqamli xavfsizlik, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda yoshlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha global tashabbuslar o‘z aksini topdi.
Ikki kun davom etgan sessiyalarda xavfsizlik, ta’lim, mehnat, raqamli huquqlar, sog‘lom muhit va siyosiy erkinlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva konferensiya doirasida Parlamentlararo Ittifoqi Prezidenti Tuliya Ekson, BMT Bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Felipe Paulyer va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligini yanada rivojlantirish, yoshlarni qarorlar qabul qilish jarayonlariga keng jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonning ushbu global tadbirni yuksak darajada tashkil etganini alohida e’tirof etib, o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladilar.









