Tashkent International Half Marathon – 2026: sport va birdamlik bayrami
2026-09-06 18:00:00 / Yangiliklar

6-sentyabr kuni poytaxtimizda Tashkent International Half Marathon – 2026 xalqaro yarim marafoni bo‘lib o‘tdi. Professional va havaskor yuguruvchilar qatorida minglab yoshlar ham katta sport bayramining faol ishtirokchisiga aylandi.
Musobaqa doirasida beshta start tashkil etilib, ularda qariyb 24,5 ming kishi qatnashdi. Ishtirokchilarning 53 foizga yaqinini ayollar tashkil etdi. Marafon 50 ta mamlakatdan 2 mingdan ziyod xorijiy ishtirokchini ham bir maydonda jamladi.
Inklyuziv sportga ham alohida e’tibor qaratilib, maxsus startlarda qariyb 600 nafar ishtirokchi o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Yarim marafonning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, sport vaziri Adham Ikramov hamda Bojxona qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov ishtirok etdi.
Tadbir zamonaviy raqamli yechimlar asosida tashkil etilib, ishtirokchilarning natijalari elektron tarzda qayd etildi va yugurish jarayonini onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi. Marafonning ijtimoiy tarmoqlardagi qamrovi esa 13 milliondan oshdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi. 21,1 km masofada erkaklar va ayollar o‘rtasida 1-o‘rin uchun 15 mln so‘m, 2-o‘rin uchun 12 mln so‘m, 3-o‘rin uchun 10 mln so‘m pul mukofoti topshirildi. 4–6-o‘rin sohiblari ham rag‘batlantirildi.
5 km masofada esa erkaklar va ayollar o‘rtasidagi kuchli uchlik mos ravishda 3 mln, 2 mln va 1 mln so‘m pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Tashkent International Half Marathon – 2026 minglab yoshlar, professional va havaskor yuguruvchilarni bir maqsad atrofida jamlab, poytaxtimizdagi katta sport bayramiga aylandi.









