Markaziy Osiyo yoshlarining iqlim bo‘yicha Bayonot taqdim etildi
2026-09-06 10:15:00 / Yangiliklar

Samarqandda O‘zbekiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, shuningdek, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston va Turkiyadan kelgan 100 ga yaqin yosh ekofaollar va ekspertlarni birlashtirgan iqlim o‘zgarishi, suv resurslari va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan Markaziy Osiyo yoshlar konferensiyasi — "RCOY Central Asia 2026" doirasida yuqori darajadagi tadbir o‘tkazilib, unda Markaziy Osiyo yoshlari tomonidan ishlab chiqilgan Mintaqaviy yoshlar bayonoti (Regional Youth Statement) taqdim etildi.
Bayonot konferensiya davomida mintaqa yoshlarining muhokama va maslahatlashuvlari asosida shakllantirilib, Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, yoshlarning iqlim siyosatidagi ishtirokini kengaytirish hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ustuvor taklif va tavsiyalarni birlashtirdi.
Yuqori darajadagi segmentda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMT Yoshlar masalalari bo‘yicha ofisi rahbari Felipe Paullier, Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Alisher Salomov, “Zamin” xalqaro jamoat fondi direktori Aziz Gʻaniyev hamda UNICEFning O‘zbekistondagi vakili Regina Maria Castillo ishtirok etdilar.
Yosh vakillar Bayonotning asosiy yo‘nalish va takliflarini yuqori darajadagi mehmonlarga taqdim etdilar hamda hujjatni ularga rasman topshirdilar.
Mazkur muloqot yoshlarning fikrlarini eshitishdan ularni amaliy qarorlar va iqlim siyosati jarayonlariga olib kirish sari muhim qadam bo‘lib, Markaziy Osiyo yoshlarining mintaqaviy va xalqaro iqlim kun tartibini shakllantirishdagi rolini yana bir bor namoyon etdi.









