“Moda yo‘li” tanlovining hududiy bosqichi Qoraqalpog‘istonda o‘tkazildi
2026-08-25 18:45:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan saralangan yosh dizayner qizlar o‘zlarining mualliflik ishlari va liboslar kolleksiyalarini taqdim etdilar.
Ishtirokchilar 5 ta yo‘nalish bo‘yicha bellashdilar:
- Milliy uslubdagi liboslar;
- Zamonaviy liboslar;
- Oqshom liboslari;
- Ofis va klassik uslubdagi liboslar;
- Avangard.
Yosh dizaynerlarning ishlari moda va dizayn sohasidagi mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati, jumladan, Toshkent shahridan tashrif buyurgan Saida Amir va Liliya Dulat tomonidan baholandi.
Baholashda ijodiy yondashuv, mualliflik g‘oyasi, liboslarning badiiy-estetik va konstruktiv yechimi, materiallardan foydalanish mahorati hamda kolleksiyaning yaxlitligiga e’tibor qaratildi.
Har bir yo‘nalishda eng yuqori natijani qayd etgan ishtirokchilar “Moda yo‘li” tanlovining respublika bosqichiga yo‘llanma oldilar.
Qoraqalpog‘istonda boshlangan hududiy bosqichlar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham davom etadi. Yakunda hududlardan saralangan yosh dizaynerlar respublika bosqichida o‘z ijodiy ishlarini namoyish etadi.





