Besh tashabbus paralimpiadasi
2026-07-15 19:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasining “Jamoaviy sport turlari” sport majmuasida “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarining respublika final bosqichi g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy faollikni ommalashtirish hamda barcha qatlam vakillarini ommaviy sportga keng jalb etish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ezgu tashabbuslar doirasida tashkil etilayotgan “Besh tashabbus paralimpiadasi” imkoniyati cheklangan shaxslarni sportga keng jalb etish, adaptiv sportni rivojlantirish va inklyuziv jamiyat barpo etishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilda musobaqalarda mamlakat bo‘ylab 105 ming 10 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ishtirok etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga oshgani yurtimizda ommaviy va adaptiv sportga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini tasdiqlaydi. Respublika final bosqichi 13–15-iyul kunlari Olimpiya shaharchasida o‘tkazilib, unda hududiy saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 364 nafar sportchi ishtirok etdi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari — O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxanova, Sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston adaptiv sport assotsiatsiyasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev ishtirok etdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, sport turlaridan medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida 1-o‘rinni Toshkent viloyati, 2-o‘rinni Samarqand viloyati hamda 3-o‘rinni Xorazm viloyati jamoalari qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindor jamoalar kubok, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida respublika final bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan 78 nafar yosh sportchiga medal, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, sport turlari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilar yashaydigan mahallalarda Sport vazirligi tomonidan zamonaviy universal sport maydonchalari barpo etiladi.
Tadbirning badiiy qismida yosh sportchilar tomonidan “Turon yakkakurashlari”, akrobatik chiqishlar hamda musiqiy dasturlar namoyish etildi.
“Besh tashabbus paralimpiadasi” nafaqat musobaqa, balki iroda, matonat va teng imkoniyatlar timsoli sifatida yurtimizda adaptiv sportni yanada rivojlantirish, yangi chempionlarni tarbiyalash va nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.









