“Ipak yoʻli yoshlar nigohida” xalqaro fotosuratlar tanlovi
2026-06-30 / Voqealar taqvimi

“Ipak yo‘llari” dasturi doirasida tashkil etilayotgan mazkur tanlov 14–25 yoshdagi yigit-qizlarning ijodiy salohiyatini namoyon etish, Ipak yo‘li xalqlarining boy madaniy merosini keng targ‘ib qilish hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan.
2026-yilgi tanlovning asosiy mavzusi “Living Heritage along the Silk Roads” (“Ipak yo‘li bo‘ylab jonli meros”) deb belgilangan. Ushbu mavzu Ipak yo‘li hududlarida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan urf-odatlar, an’analar, hunarmandchilik, san’at, gastronomiya va boshqa nomoddiy madaniy meros namunalarini aks ettirishni nazarda tutadi.
Tanlov ishtirokchilaridan Ipak yo‘li bo‘ylab yashovchi xalqlarning madaniy hayoti va merosini yorituvchi fotosuratlarni taqdim etish so‘raladi. Jumladan, to‘quvchilik, kashtado‘zlik, kulolchilik kabi hunarmandchilik faoliyati, an’anaviy sport turlari va milliy o‘yinlar, xalq musiqasi va raqs san’ati, og‘zaki ijod namunalari, milliy taomlar va pazandachilik an’analari, ilm-fan va madaniy almashinuvlar, bayramlar hamda kundalik hayot jarayonlarini aks ettiruvchi fotosuratlar qabul qilinadi.
Tanlovda 14 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilar quyidagi ikki yosh toifasida baholanadi:
· 14–17 yosh;
· 18–25 yosh.
Tanlovda ishtirok etish bepul hisoblanadi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra har bir yosh toifasi bo‘yicha 3 nafardan sovrindor, jami 6 nafar g‘olib aniqlanadi hamda quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:
· 1-o‘rin – 18–55 mm linzali professional raqamli refleks fotoapparat;
· 2-o‘rin – yarim professional raqamli fotoapparat;
· 3-o‘rin – raqamli fotoapparat.
Tanlov shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar 20 tagacha fotosurat taqdim etishlari mumkin. Fotosuratlar JPEG yoki JPG formatida bo‘lishi, tanlov mavzusiga mos kelishi hamda ingliz tilidagi izoh bilan birga yuborilishi lozim. Gorizontal suratlarning eni kamida 1500 piksel, vertikal suratlarning balandligi esa kamida 1500 piksel bo‘lishi talab etiladi.
14–17 yosh toifasidagi ishtirokchilar ota-onasi yoki qonuniy vakilining rozilik xatini taqdim etishlari shart. UNESCO va China World Peace Foundation tashkilotlari xodimlari hamda ularning yaqin qarindoshlari tanlovda ishtirok eta olmaydi. Shuningdek, sun’iy intellekt (AI) yordamida yaratilgan fotosuratlarni tanlovga topshirish taqiqlanadi.
Tanlovga arizalar 2026-yil 30-iyunga qadar qabul qilinadi. Arizalar onlayn tarzda topshiriladi. Ishtirok etish uchun avval ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy hisob yaratish talab etiladi. Ariza shakli ingliz tilida to‘ldiriladi.
Mazkur xalqaro foto tanlovi yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, Ipak yo‘li xalqlarining umumiy madaniy merosini keng targ‘ib etish hamda xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun havola
