Surxondaryoda “xavfsiz muhit” va yoshlar bilan muloqot
2026-02-11 14:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika ishchi guruhi Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Jinoyatchilikka qarshi kurash va tahlil
Tashrif avvalida Yoshlar ishlari agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova ishtirokida viloyatning barcha tuman va shahar rahbarlari bilan Zoom platformasi orqali muloqot o‘tkazildi. Yig‘ilishda hududlarda yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahlili ko‘rib chiqilib, kelgusida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshiriladigan manzilli chora-tadbirlar muhokama qilindi.
“Og‘ir toifa”dagi yoshlar bilan ochiq muloqot
Ishchi guruh a’zolari Termiz shahrida joylashgan viloyat Ichki ishlar boshqarmasining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida bo‘lishdi. U yerda profilaktik hisobda turgan, uyushmagan va muqaddam huquqbuzarlik sodir etgan “og‘ir toifa”dagi yoshlar bilan samimiy suhbat qurildi. Uchrashuv davomida yoshlarga zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganish, shaxsiy rivojlanish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, ular uchun respublika bo‘ylab sayohatlar va oromgohlar tashkil etilishi belgilab olindi.
Jarqo‘rg‘on tumani: Yoshlar markazi va mahallalar
Kunning ikkinchi yarmida ishchi guruh Jarqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurdi. Dastlab tuman markazidagi “Yoshlar markazi” binosida yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, to‘garaklar faoliyatini kengaytirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shundan so‘ng, tumandagi “Yangi O‘zbekiston”, “Do‘stlik”, “Guliston” va “Zartepa” mahallalarida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilarining ishi tahlil qilindi va ularning faoliyatini takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Ta’lim va xususiy sektor bilan hamkorlik
O‘rganishlar davomida “Seoul Smart Education”, “Magnus” hamda “Young Adults” o‘quv markazlari faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Markazlarda tahsil olayotgan yoshlarning taklif va fikrlari tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha rejalar belgilandi.









