Yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir dastur qabul qilindi
2026-01-30 19:00:00 / Yangiliklar

Yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir dastur qabul qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi tegishli qarori bilan “Uzluksiz ta’lim tizimida yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini oshirish dasturi” tasdiqlandi. Qaror asosida:
-
maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy hamda oliy ta’lim tizimi tashkilotlarida yagona milliy tarbiyaning yaxlit tizimi yaratiladi;
-
har dushanba kuni barcha ta’lim tashkilotlarida “Kelajak soati” darsi o‘tiladi, dars ssenariylari asosida yaratilgan kontentlar “milliytarbiya.uz” elektron platformasiga joylashtiriladi;
-
Dasturda belgilangan vazifalarga erishish maqsadida O‘zbekistonning Milliy tarbiya modeli ishlab chiqiladi;
-
har yili ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul rahbar va pedagoglar o‘rtasida “Milliy qadriyatlar targ‘ibotchisi” respublika tanlovi o‘tkaziladi;
👉 2026-yil 1-iyunga qadar:
O‘zbekistonning Milliy tarbiya modelining, har yili 1-sentabrga qadar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning namunaviy ish rejalari tasdiqlanadi.
2025-2026-o‘quv yilidan boshlab:
“Jasorat maktablari” o‘quvchilari o‘rtasida ikki bosqichdan iborat “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqasi o‘tkaziladi;
2026-yil iyun oyida:
ta’lim tashkilotlarida “Vatan tayanchi” harakati a’zolarining harbiy-vatanparvarlik forumi tashkil etiladi.
Dastur uch bosqichda amalga oshiriladi:
-
birinchi bosqichda — maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan 3-6 yoshdagi bolalarga milliy o‘zlik tuyg‘usining rivojlanishi, o‘z xatti-harakatlarini boshqarish va o‘zini namoyon qilishga intilish, tevarak-atrofga munosabat ko‘nikmalari singdiriladi;
-
ikkinchi bosqichda — umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan 7-18 yoshdagi o‘quvchilarda buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, o‘ziga ishonch, mustaqil qaror qabul qilish, sog‘lom dunyoqarash, bag‘rikenglik, burch va mas’uliyat fazilatlari shakllantiriladi;
-
uchinchi bosqichda — o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida bilim olayotgan 16-22 yoshdagi o‘quvchi va talabalarda milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanini himoya qilishga tayyor, harbiy xizmatga shay, fidoyi shaxsni tarbiyalash, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzini yuksaltirishga o‘z hissasini qo‘sha oladigan faol fuqarolik pozitsiyasi rivojlantiriladi.
