“UzChess”: 2025-yilda shaxmatni trendga aylantirgan loyiha
2026-01-27 15:00:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda shaxmat shunchaki sport turi bo‘lib qolmadi. U sekin-asta kundalik mashg‘ulotga va yoshlar uchun qiziqarli maydonga aylanmoqda. Endi shaxmat faqat turnir zallari yoki darsxonalarda emas, balki “YouTube” jonli efirlarida, “Instagram” lentasida va telefon ilovalarida yashayapti. Ana shu o‘zgarishlarning markazida “UzChess” loyihasi turibdi. 2025-yil yakunlari esa bu yo‘l qanchalik to‘g‘ri tanlanganini yaqqol ko‘rsatdi.
So‘zimizning isboti sifatida “UzChess” YouTube kanali 2025-yilda haqiqiy “sakrash” qilganini aytishimiz mumkin. Agar 2023-yilda kanal atigi 15 ming obunachiga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 86 mingdan oshdi. 2025-yilga kelib esa obunachilar soni 153 mingga yetdi. Bu — bir yil ichida 76 foizlik o‘sish degani. Ya’ni shaxmatni nafaqat o‘ynaydiganlar, balki uni tomosha qiladiganlar ham keskin ko‘paydi.
Bugungi kunda “UzChess” YouTube kanalida 3 mingdan ortiq videokontent, 99 milliondan ziyod umumiy ko‘rishlar va 1 100 dan ortiq jonli efirlar mavjud. Eng muhim jihati shundaki, bu raqamlar ortida “tirik” muhit bor. Jonli efir vaqtida minglab tomoshabinlar bir vaqtda partiyani kuzatadi, chatda fikr bildiradi va o‘zaro bahslashadi. Shaxmat sekin-asta ekran ortidan ham qiziqarli bo‘la boshladi.
“UzChess”ning Instagram sahifasi ham 2025-yilda sezilarli darajada jonlandi. Yil boshida sahifada 56 ming obunachi bo‘lgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 133 mingga yetdi. Bu shuni anglatadiki, yoshlar shaxmatni endi rasmiy va sovuq mashg‘ulot sifatida emas, balki o‘zlariga yaqin kontent orqali qabul qila boshlashdi.
Qisqa videolar, turnirlardan jonli lavhalar, kulgili vaziyatlar va sahna ortidagi hayot shaxmatni yanada tushunarli va qiziqarli qildi. “Shaxmat — zerikarli” degan fikr esa yo‘qolib bormoqda.
“UzChess” ilovasi: raqamli shaxmat maktabi
2025-yilning eng katta yutuqlaridan biri — “UzChess” mobil ilovasining tez sur’atlarda ommalashgani bo‘ldi. Yil boshida ilova foydalanuvchilari soni 315 ming atrofida edi. Yil oxiriga kelib esa bu raqam 734 mingga yetdi.
Ilova orqali 2 million 30 mingdan ortiq mashg‘ulotlar bajarildi, 25 800 nafar foydalanuvchi maxsus sertifikatga ega bo‘ldi. Kimdir shaxmatni noldan o‘rgandi, kimdir bilimini mustahkamladi, yana kimdir sun’iy idrok botlari bilan bahslashib ko‘rdi. Eng qiziq tomoni — bularning barchasi turnir zalisiz, murabbiy yonida o‘tirmasdan, shunchaki telefon orqali amalga oshdi.
2025-yil “UzChess” uchun o‘sish, mustahkamlanish va yangi bosqichga chiqish yili bo‘ldi. “YouTube”da tomoshabinlar soni oshdi, “Instagram”da faol hamjamiyat shakllandi, mobil ilova esa yuz minglab yoshlar uchun shaxmat maktabiga aylandi. Bu raqamlar ortida esa bitta asosiy g‘oya yotibdi: shaxmat orqali fikrlaydigan, tahlil qiladigan va oldinga intiladigan avlodni shakllantirish.
“UzChess” 2025-yilda shuni isbotladiki, agar shaxmat zamonaviy tilda, yoshlar tushunadigan formatda va jonli tarzda berilsa, u nafaqat sport, balki ta’lim va ilhom manbaiga ham aylanadi.
