Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish
2026-01-09 09:00:00 / Yangiliklar

Yil davomida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli, foydali va rivojlantiruvchi faoliyat bilan to‘ldirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirildi. Amalga oshirilgan tanlov, musobaqa va loyihalarga 20,4 mln yoshlar qamrab olindi.
May oyida oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan “TalabaFest–2025” festivali talabalar hayotidagi muhim voqealardan biriga aylandi. 1–25-may kunlari tashkil etilgan festivalda 1,5 million yosh ishtirok etib, sport, madaniyat, ijod va intellektual yo‘nalishlarda o‘z salohiyatini namoyon qildi.
Yoshlarni ommaviy sport, ijod va jamoaviy faollikka jalb etishda “Besh tashabbus olimpiadasi” muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Olimpiada doirasida o‘tkazilgan tanlov va musobaqalar orqali 10,9 million nafar yosh qamrab olindi. Ushbu jarayon hozirda ham davom etmoqda va qamrov yil yakuniga qadar yanada kengayishi kutilmoqda.
Yoz mavsumida amalga oshirilgan “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, dam olish bilan birga o‘zini rivojlantirish imkoniyatlarini yaratdi. Ushbu tashabbus doirasida turli loyihalar, tanlovlar, musobaqalar hamda sayohat dasturlari tashkil etilib, 6,7 million nafar yosh jalb etildi.
Bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan ta’limiy loyihalar ham keng qamrovga ega bo‘ldi:
- xorijiy tillar va zamonaviy bilimlarni targ‘ib etuvchi “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali qariyb 3 million nafar yosh;
- “Qizlar akademiyasi” loyihasi orqali 751 ming nafar xotin-qiz;
- “Ustoz AI” loyihasi orqali 831 ming nafar yosh;
- kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan “Mutolaa” loyihasi orqali esa 3,5 million nafar yosh qamrab olindi.
Yoshlarni xalqaro ta’lim standartlariga tayyorlash masalasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. 2025-yilda xalqaro imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilish doirasida 17,3 ming nafar yoshga 38,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Dastur boshlanganidan buyon esa 56,4 ming nafar yoshga jami 111 milliard so‘m kompensatsiya to‘lab berildi. Bu yoshlarning xalqaro miqyosda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni o‘rganishni yanada ommalashtirish, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan ta’lim subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 12-13-dekabr kunlari Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida ikkinchi “O‘zbekiston o‘quv markazlari forumi” o‘tkazildi. Forumda 700 ga yaqin o‘quv markazlari, agentlikning hududiy bo‘linma rahbarlari hamda 2 ming nafar yosh ishtirok etdi. Tadbir doirasida taqdimotlar, seminarlar va ochiq muloqotlar tashkil etilib, o‘quv markazlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi imkoniyatlar e’lon qilindi.
