Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash
2026-01-08 09:00:00 / Yangiliklar

2025-yil yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy xavfli holatga tushib qolgan yigit-qizlarni hayotga qaytarish hamda Vatanga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.
Shu maqsadda tarbiyasi og‘ir 51 455 nafar yosh 6 ta huquq-tartibot va mudofaa organlarining 4 155 nafar mas’ul xodimiga otaliqqa biriktirildi. Olib borilgan individual ishlar va muntazam uchrashuvlar natijasida 48 747 nafar yosh sog‘lom hayot tarziga qaytarilib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Manzilli yondashuv doirasida erishilgan muhim natijalar quyidagilardan iborat:
- 22 931 nafar yosh xulq-atvori ijobiy tomonga o‘zgargani sababli otaliqqa olgan mas’ullarning kafilligi asosida muddatidan avval probatsiya va profilaktika hisobidan chiqarildi;
- mahalla raislari bilan hamkorlikda 4 504 nafar dars qoldirayotgan o‘quvchi yana ta’lim jarayoniga qaytarildi;
- ajrim yoqasida turgan 2 370 ta yosh oila bilan olib borilgan ishlar natijasida ularning hayoti tiklandi.
Profilaktika inspektorlari ishtirokida 1 754 nafar yosh giyohvandlik va yot g‘oyalar ta’siridan qaytarildi. O‘tkazilgan vatanparvarlik tadbirlari orqali ularning 709 nafari harbiy xizmatga yo‘naltirildi. Hokim yordamchilari bilan hamkorlikda 4 739 nafar yoshning bandligi ta’minlandi, 815 nafari esa tartibli mehnat migratsiyasiga yuborildi.
Yoshlarda jismoniy chidamlilik va Vatanga sadoqatni mustahkamlash maqsadida “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqalari tashkil etildi. Ushbu tadbirlar orqali 284 ming nafar mahalla yoshlari qamrab olindi. Shuningdek, mahallalarda o‘tkazilgan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari va harbiy qismlardagi “Jasorat” yig‘inlari natijasida 14 388 nafar yosh harbiy xizmatga saralab olindi.
Jazoni ijro etish muassasalaridagi 9 240 nafar yosh mahkum bilan ham uchrashuv va muloqotlar tashkil etildi. Natijada:
- 5 147 nafari kasb-hunarga,
- 1 648 nafari xorijiy tillarni o‘rganishga,
- 8 496 nafari foydali mehnat faoliyatiga jalb etildi.
Ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida o‘tgan 11 oyda yoshlar jinoyatchiligi 17 foizga kamaydi (12 949 tadan 10 749 taga). Shu bilan birga, 4 388 ta mahalla “yoshlar jinoyatchiligidan xoli hudud” maqomiga ega bo‘ldi. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilda 3 643 ta mahallani tashkil etgan edi.
