Yoshlar bandligi va tadbirkorlik
2026-01-07 09:00:00 / Yangiliklar

2025-yilda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan olib borilgan ishlar natijasida 414 mingdan ortiq yosh bandlik va tadbirkorlik dasturlari orqali qo‘llab-quvvatlandi.
Aniq manzilli yondashuv asosida ishsiz 115 751 nafar yoshga davlat idoralari rahbarlari biriktirilib, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha individual ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish yo‘nalishida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hajmi sezilarli darajada kengaydi:
- “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida “Aloqabank” tomonidan 9 240 ta loyihaga 1 trln 177 mlrd so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu loyihalar orqali 12,5 ming nafar ishsiz yosh ish bilan ta’minlandi.
- Milliybank tomonidan amalga oshirilgan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida 4 489 nafar talabaning 199,4 mlrd so‘mlik biznes loyihalari moliyalashtirildi. Bu 45,9 ming nafar oliy ta’lim muassasalari bitiruvchisining bandligini ta’minlashga xizmat qildi.
- Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 1 300 ta loyihaga imtiyozli kredit ajratilib, 3 mingdan ortiq yosh doimiy ish bilan ta’minlandi.
Shuningdek, “Yoshlar daftari” tizimi orqali 27 mingga yaqin yoshning murojaati ijobiy hal etildi. Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida esa 1 334 gektar ekin maydoni bevosita yoshlarga ajratilib, buning natijasida 2 566 nafar yosh doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Umuman olganda, 2025-yilda qabul qilingan siyosiy qarorlar va amaliy choralar yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini kengaytirish, startaplar uchun real sharoitlar yaratish hamda ularni iqtisodiy faoliyatga faol jalb etishda yangi bosqichni boshlab berdi. “Yoshlar biznesi” dasturi, imtiyozli mikroqarzlar va boshqa moliyaviy mexanizmlar iqtisodiyotda yoshlar tashabbusiga tayangan barqaror qatlamni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
