“O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni topshirildi
2025-12-23 18:10:00 / Yangiliklar

Bugun poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod” saroyida mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faol, tashabbuskor va fidoyi yoshlarga “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligini e’tirof etish, shuningdek ularning ilm-fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport, sog‘liqni saqlash, jurnalistika, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va tadbirkorlik, huquqni muhofaza qilish hamda harbiy sohalardagi yutuqlarini munosib baholashga qaratildi.
Taqdirlash marosimida davlat organlari va jamoat tashkilotlari vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, hududiy tashkilotlar faollari, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohiblari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunga qadar ushbu nufuzli mukofot bilan 1208 nafar yosh taqdirlangan bo‘lib, bu uning yuksak nufuzi va ahamiyatidan dalolat beradi. Bugun ham ilm-fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sog‘liqni saqlash, jurnalistika, sport, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va tadbirkorlik, huquqni muhofaza qilish hamda harbiy sohalarda ta’lim olayotgan, faoliyat yuritayotgan va ilmiy-ijodiy izlanishlar olib borib, yuksak natijalarga erishgan 52 nafar yosh “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Ularning erishgan yutuqlari yoshlar orasida bilimga intilish, mehnatsevarlik, mas’uliyat hamda Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.






