Hududiy boshqarma va bo‘lim boshliqlari uchun o‘quv-seminar
2025-12-16 18:00:00 / Yangiliklar

Yoshlar bilan ishlash tizimida samaradorlikni oshirish, mavjud kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarning chekka hududlargacha to‘liq va samarali yetib borishini ta’minlash maqsadida joriy yilning 14–18-dekabr kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar oromgohi”da o‘quv-seminar o‘tkazilmoqda.
O‘quv-seminar davomida Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati mas’ul xodimlari tomonidan Agentlikning viloyat boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Unda yoshlar bilan ishlash jarayonida mavjud muammolarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni joriy etish, shuningdek hududlarda samarali boshqaruv va muvofiqlashtirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, seminar doirasida ishtirokchilarga hududlarning 2025-yil yakunlari va 2026-yil uchun ustuvor rejalari bo‘yicha taqdimotlarni tayyorlash, rejalashtirish jarayonida natijadorlikka yo‘naltirilgan yondashuvlarni qo‘llash hamda aniq maqsadli vazifalarni belgilash bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar berilmoqda.



