“O‘zaviatsiya” agentligida “Uzbekistan Airports” AJ vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-07-10 14:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, aeroportlar faoliyati samaradorligini oshirish, yo‘lovchilar va aviatashuvchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini takomillashtirish, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi sohasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Alohida e’tibor “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratildi. Jumladan, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, hududiy aeroportlarni rivojlantirish, xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘ini kengaytirish, mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish hamda aviatsiya tarmog‘ining investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish, aeroportlarning tijorat va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, xususiy investitsiyalarni jalb etish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, aeroport jarayonlarini raqamlashtirish, yuk aviatashuvlarini rivojlantirish hamda yangi xalqaro va ichki aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va aeroport sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan kelishilgan takliflarni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi. Ishlab chiqilgan tashabbuslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tadigan ochiq muloqoti doirasida taqdim etiladi.


