“Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi
2026-06-16 14:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida fuqaro aviatsiyasi sohasida ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini soddalashtirish, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar va majburiy talablarni maqbullashtirish, hujjat aylanishini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay, shaffof va zamonaviy xizmat ko‘rsatish muhitini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, mazkur jarayonlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari, xususan, “Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti” (ICAO)ning standartlari va tavsiya etilgan amaliyoti (SARPs) bo‘yicha xalqaro yondashuvlarga qat’iy rioya etish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida “O‘zaviatsiya” agentligi faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, davlat xizmatlarini to‘liq raqamli formatga o‘tkazish, ichki jarayonlarni avtomatlashtirish hamda “Zero Bureaucracy” tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati va tezkorligini oshirish, idoraviy jarayonlarni optimallashtirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, fuqaro aviatsiyasi sohasida raqamli transformatsiyani jadallashtirish hamda mazkur jarayonlarni ICAO standartlari va tavsiya etilgan amaliyoti talablariga to‘liq muvofiq holda amalga oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.


