“Yoshlar kuni” munosabati bilan yosh xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-06-05 16:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

“Yoshlar kuni” munosabati bilan “O‘zaviatsiya” agentligi rahbari boshchiligida agentlik tizimida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir davomida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yoshlarning intellektual va kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida fikr almashildi.
Uchrashuvda davlat fuqarolik xizmati tizimida xizmat odobi va kasbiy etika tamoyillariga qat’iy rioya etish, xodimlarning ma’naviy-axloqiy qiyofasini yuksaltirish, jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish hamda xizmat faoliyatida halollik, mas’uliyat va fidoyilik tamoyillariga amal qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yosh xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi, kasbiy rivojlanish, malaka oshirish hamda sohada zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida agentlik tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlarni ma’naviy va kasbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini yanada rivojlantirish, xizmat odobi va axloqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

