PRESS-RELIZ
2026-05-13 20:00:00 / Yangiliklar
“O‘zaviatsiya” agentligi ayrim axborot resurslarida tarqatilayotgan “Air Fergana” aviakompaniyasining faoliyat boshlashi haqidagi ma’lumotlar hozirgi vaqtda tijorat aviatsiya tashuvlarini amalga oshirish bo‘yicha rasman tasdiqlangan maqomga mos kelmasligini ma’lum qiladi.
Hozirgi kunga qadar “Air Fergana” aviakompaniyasi belgilangan tartibda ekspluatant sertifikatini (AOC), shuningdek, muntazam yoki nomuntazam tijorat havo tashuvlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasida har qanday aviakompaniyani tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish faqat barcha majburiy tartib-taomillar to‘liq yakunlangandan so‘ng amalga oshiriladi. Jumladan:
- ekspluatantni sertifikatlash;
- parvozlar xavfsizligi talablariga muvofiqligini tasdiqlash;
- havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish tizimini tekshirish;
- aviatsiya xodimlari malakasini tasdiqlash;
- aviatsiya xavfsizligi hamda boshqa xalqaro va milliy standartlar talablarini bajarish.
Faqat qonunchilikda belgilangan barcha tartib-taomillar yakunlanib, tegishli ruxsatnomalar olingandan keyingina aviakompaniya yo‘lovchi yoki yuk tashish bo‘yicha tijorat faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Aviatashuvchilarni sertifikatlash va ularga ruxsat berish bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan belgilangan tartibda e’lon qilinadi.
