Sharq durdonasi – Samarqand shahriga sayohat
2026-04-20 15:45:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5326-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda ichki turizmni rivojlantirishni targ‘ib qilish maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligi xodimlari qadimiy va betakror Samarqand shahriga sayohat qildilar.
Tashrif davomida agentlik xodimlari muqaddas qadamjolar va ulug‘ ajdodlarimiz merosiga chuqur hurmat bajo keltirib, Imom al-Buxoriy majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi hamda Temuriylar sulolasi vakillari dafn etilgan maskanlarni ziyorat qildilar.
Shuningdek, jahon tamaddunining nodir durdonalari hisoblangan Registon maydoni ansambli, uning tarkibidagi Sherdor madrasasi va Tillakori madrasasi, shuningdek Bibi-Xonim masjidi kabi betakror me’moriy obidalar ham ko‘zdan kechirildi.
Ziyorat yakunida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga tashrif buyurilib, hurmat bajo keltirildi.
Mazkur safar agentlik xodimlarining ma’naviy dunyosini yanada boyitib, ularning milliy tarix va boy madaniy merosimizga bo‘lgan hurmatini mustahkamlashga xizmat qildi.



