Pokistonda O‘zbekiston turizm brendi elchisi tayinlandi
2025-11-03 10:40:00 / Yangiliklar

Tadbirda Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbariyati, yetakchi turkompaniyalar va operatorlar, ekspert-tahlil va akademik doiralari vakillari, OAV xodimlari va vatandoshlar ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekistonning Pokistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Alisher To‘xtayev, Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi ijrochi direktori Aftab ur Rehman Rana va Pokistondagi Naqshbandiya silsilasi rahnamosi Shayx Muhammad Naqib ur-Rahman Hamid Mahmud Chaudriga “O‘zbekiston turizm brendi elchisi” sertifikatini tantanali ravishda topshirdilar.
Shayx Muhammad Naqib ur-Rahman Hamid Mahmud Chaudri ushbu maqomni katta faxr va minnatdorlik bilan qabul qilganini bildirdi.
– Ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish, biznes va akademik turlar tashkil etish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish hamda ikki mamlakatning mutasaddi turizm tashkilotlari bilan hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirishni yaqin istiqboldagi faoliyatimning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘ryapman, – dedi yurtimiz turizm elchisi. – O‘zbekiston turizm brendi elchisi sifatidagi faoliyatimni sidqidildan va mas’uliyat bilan amalga oshirishga, turizm orqali ikki xalqni “qalban” yaqinlashtirishga, do‘stlik rishtalarini mustahkamlovchi "ko‘prik" bo‘lishga bor imkoniyatlarimni safarbar qilaman.
