O‘zbekiston turizm salohiyati “EXPOTRAVEL-2025” xalqaro ko‘rgazmasida namoyish etildi
2025-10-04 11:35:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, zamonaviy infratuzilmasi va sayyohlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi, milliy buklet va jurnallar tarqatildi. Shu bilan birga, Rossiya, Vengriya va boshqa davlatlar turizm kompaniyalari bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, infoturlar tashkil etish va O‘zbekiston haqidagi videolavhalarni xorijiy OAV orqali namoyish etib borish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ko‘rgazma doirasida mehmonlar o‘zbek milliy taomi — palov tayyorlanish jarayoni bilan tanishdilar. Shuningdek, Milliy raqs ansambli tomonidan o‘tkazilgan konsert ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
1-oktyabr kuni Ural savdo-sanoat palatasida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida sanoat turizmi va biznes missiyalarni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Tomonlar qo‘shma loyihalar va sarmoyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldilar.
Shu kuni O‘zbekiston davlat mustaqilligining 34-yilligi munosabati bilan Yekaterinburgdagi “Sinara sentr” saroyida tantanali qabul o‘tkazildi. Tadbirda mahalliy hokimiyat, savdo-sanoat palatalari, diplomatlar, biznes vakillari va vatandoshlar ishtirok etdilar. Bosh konsul J. Parmanov ikki davlat munosabatlarining izchil rivojlanayotgani haqida so‘zladi. Shuningdek, Turizm qo‘mitasi departamenti boshlig‘i U. Asadullayev tomonidan Ural turizm assotsiatsiyasi prezidenti M. Malsevga “O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi turizm brendi elchisi” sertifikati topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston turizm salohiyati haqidagi videolavhalar namoyish etildi, mehmonlarga milliy suvenirlar va axborot materiallari tarqatildi. Shuningdek, Turizm qo‘mitasi vakillari Janubiy-Ural savdo-sanoat palatasi rahbariyati bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.







