O‘zbekiston turizm salohiyati Fransiyada o‘tkazilayotgan "IFTM Top Resa" ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda
2025-09-24 18:50:00 / Yangiliklar
Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev boshchiligidagi O‘zbekiston vakillari Parijda bo‘lib o‘tayotgan Yevropaning eng yirik xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri - "IFTM Top Resa"da qatnashmoqda.

O‘zbekistonning milliy stendi ko‘rgazma tashrif buyuruvchilarini mamlakatning boy madaniy merosi, ekoturizm va ziyorat yo‘nalishlari imkoniyatlari, shuningdek, mehmonxona va sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy loyihalar bilan tanishtirmoqda.
Tadbir doirasida Fransiya va Yevropaning yetakchi turoperatorlari, sarmoyadorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan B2B formatida ishbilarmonlik uchrashuvlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Fransiya va Yevropa sayyohlik bozorida "O‘zbekiston" brendini targ‘ib qilish, qo‘shma yo‘nalishlarni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


