O‘zbekiston Xitoyda turizm salohiyatini Pekin va Tyanjinning eng yirik LED ekranlarida targ‘ib qilmoqda
2025-08-30 21:00:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoyga rasmiy tashrifi doirasida Turizm qo‘mitasi mamlakatning sayyohlik imidjini oshirishga qaratilgan loyihani amalga oshirmoqda.

Pekin va Tyanjinning markaziy ko‘chalaridagi eng katta LED ekranlarda, sayyohlar va shahar aholisi ko‘p to‘planadigan joylarda O‘zbekistonning betakror sayyohlik yo‘nalishlari va boy madaniy merosi haqidagi 15 soniyalik yorqin videoroliklar namoyish etilmoqda.
Pekinda reklama mashhur Taqiqlangan shahardan atigi bir kilometr narida joylashgan biznes markazi peshtoqidagi ekranda ko‘rsatilmoqda. Videorolik har kuni soat 08:00 dan 21:00 gacha har 3-4 daqiqada bir marta namoyish etiladi.
Tyanjin shahrida Dayuechen savdo majmuasi peshtoqiga o‘rnatilgan ekranda sayyohlik O‘zbekistoni haqidagi roliklar ko‘rsatilmoqda. Translyatsiya har kuni soat 08:00 dan 22:00 gacha har 4 daqiqada amalga oshiriladi.






