Toshkent viloyatida “Uzum sayli” xalqaro festivali bo‘lib o‘tmoqda
2025-08-23 15:35:00 / Yangiliklar

Festivalning tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev va Turizm qo‘mitasi raisi U.Shadiyev ochib berdilar. Tabrik so‘zlarida “Uzum sayli” festivali nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini targ‘ib qilish, balki hududning turistik salohiyatini namoyon etish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilayotganini alohida qayd etdilar. Shuningdek, bunday tadbirlar orqali milliy urf-odatlar, xalq hunarmandchiligi va mahalliy taomlar keng targ‘ib qilinib, ichki va tashqi turizm rivojiga kuchli turtki berishini ta’kidladilar.
Festivalda O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlaridan fermer xo‘jaliklari, mamlakatimiz vino zavodlari, tabiiy ichimliklar, sharbatlar va sharbat konsentratlari ishlab chiqarish korxonalari o‘z ekspozitsiyalarini taqdim etishmoqda.
Tadbirda qishloq ho‘jaligi yarmarkalari, vino sanoatining xalqaro brend kompaniyalari ko‘rgazmalari, uzumchilik yo‘nalishidagi xalqaro konferensiya va anjumanlar, milliy liboslar ko‘rgazmasi va kimoshdi savdosi festival dasturidan o‘rin olgan.
Festivalning madaniy qismida esa milliy folklor jamoalari, estrada san’atkorlari chiqishlari, nominatsiyalar bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovlari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va liboslar hamda xalq urf-odatlari va an’analarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda.
“Uzum sayli” xalqaro festivalida O‘zbekistonda vazirlik va idoralar vakillari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy tashkilotlar vakolatxonalari, diplomatik korpus vakillari hamda Italiya vinochilik uyushmasi rahbari Leonardo Kommuchi, Florensiya Xalqaro marketing va vino uyushmasi direktori Lutsiana Sao, Turkiya davlatining Kappadokiya universiteti professori Xaliburak Sakal, shuningdek Indoneziya, Turkiya, Serbiya, Rossiya, Koreya, Singapur, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon kabi 30 dan ortiq davlatlardan olimlar, ekspertlar va sohaning yirik namoyondalari ishtirok etishmoqda.
Ta’kidlash joizki 2024-yil tadbirga 460 mingdan ortiq mahalliy hamda xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan bo‘lsa, bu yilgi festivalga 500 ming nafar sayyohlar tashrif buyurishi kutilmoqda.









