Toshkent viloyati turizm salohiyati OAV vakillari nigohida
2025-08-23 13:25:00 / Yangiliklar

Barchamizga ma’lumki Toshkent viloyati go‘zal tabiati, betakror va mazali taomlari, turfaxil dam olish maskanlari bilan yurtimizning turistik jozibadorligini oshirishda, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etishda o‘zining alohida o‘rniga ega.
Mazkur press-tur doirasida OAV vakillari Parkent, Bo‘stonliq va Ohangoron tumanlariga tashrif buyurib, ushbu hududlarda faoliyat yuritayotgan mehmonxonalar, turizm qishloqlari, mehmon uylari, barpo etilayotgan yangi turizm obyektlari, milliy hunarmandchilik markazlari, tarixiy va tabiiy maskanlar bilan yaqindan tanishdilar.
Press-tur ishtirokchilari ushbu hududlarning sayyohlar uchun jozibador jihatlarini o‘rganib, o‘z OAV platformalari orqali keng ommaga yetkazishni, ijobiy imidj yaratish va viloyat turizm salohiyatini yoritishga xizmat qilishni maqsad qildilar. Matbuot vakillari bildirgan fikrlariga ko‘ra, Toshkent viloyati nafaqat poytaxt yaqinligi, balki boy tabiiy va madaniy resurslari bilan ham alohida e’tiborga loyiq.
Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish istiqbollari ham salmoqli. Bugungi kunda Toshkent viloyatida jami 1295 ta joylashtirish vositalari (12 348 xona, 30 972 o‘rin) mavjud bo‘lib, shundan, 51 ta mehmonxona, 76 ta dam olish zonalari, 1015 tasi oilaviy mehmon uylari, 109 tasi xostel, 44 tasi sanatoriy va boshqa sog‘lomlashtirish obyektlari faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, mahalliy va xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi 172 ta turistik korxonalar faoliyati tashkil etilgan.
Ayni paytda viloyatning bir nechta hududida yangi sayyohlik klasterlari, ekoturizm markazlari va agroturizm loyihalari ishlab chiqilmoqda. Bu esa nafaqat mehmonlar oqimini oshiradi, balki mahalliy aholi bandligini ta’minlash, iqtisodiy faollikni kuchaytirish hamda milliy madaniyatni keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, amaldagi tartibga ko‘ra, oilaviy mehmon uylari turistlarni qabul qilishi bo‘yicha kunlik me’yor 10 nafardan oshmasligi belgilangan. Endi bu cheklov 2 karraga ko‘paytiriladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ma’lum qildi. Prezidentimiz mahalliy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari o‘rtasida tanlov o‘tkazishni taklif qildi. Tanlovning mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘ladi, sayyohlar e’tiborini qozongan, nufuzli xalqaro platformalarda eng ko‘p ijobiy e’tirof olgan mehmonxonalar har yili taqdirlanadi.
Ushbu press-tur nafaqat Toshkent viloyatining turizm salohiyatini OAV vakillari orqali keng yoritish, balki sohaga oid yangi tashabbus va yondashuvlarni amaliy jihatdan tatbiq etish uchun muhim platformaga aylandi. Viloyatning boy tabiati, qadimiy merosi va zamonaviy infratuzilmalari sayyohlikni rivojlantirishda keng imkoniyatlar yaratmoqda. OAV vakillarining faol ishtiroki, davlat siyosatidagi islohotlar va xususiy sektorning faolligi esa Toshkent viloyatini mamlakatning eng yetakchi turistik markazlaridan biriga aylantirish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.








