RASMIY BAYONOT
2025-08-18 19:05:00 / Yangiliklar

Turizm qo‘mitasiga fuqaro Y. Amosovaning murojaati kelib tushgan. Y. Amosova 2025-yil 4–5-avgust kunlari Toshkent shahridagi “Bodomzor” oilaviy mehmon uyida vaqtincha yashash uchun joy band qilgan va 4-avgust kuni soat 21:00da ro‘yxatdan o‘tgan. Biroq kechki ovqatdan qaytgach, ajratilgan xonada kanalar mavjudligini ko‘rgan. Soat 22:30da mehmon uyi egalariga murojaat qilganida javob ololmaganligi sababli majburiy ravishda boshqa mehmonxonaga joylashgan.
Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda www.booking.com, www.ostrovok.ru, www.mybooking.uz tizimlari ma’lumotlari oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestri bilan solishtirildi.
Natijada, Toshkent shahar Yunusobod tumani, Bog‘i Eram 2-tor ko‘chasi, 8-uy manzilidagi “Bodomzor” oilaviy mehmon uyi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-noyabrdagi 622-son qarori asosida ro‘yxatdan o‘tmaganligi, ko‘rsatilgan nom bilan faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektiga ko‘chirma berilmaganligi va reyestrda mavjud emasligi aniqlandi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-445-son Qonunining 25-moddasiga muvofiq, mazkur murojaat vakolatli organlar tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun Soliq qo‘mitasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
