Turizm avtomagistrali bo‘ylab “Orolga tashrif” xalqaro avtosayohat loyihasi o‘tkaziladi
2025-08-13 17:15:00 / Yangiliklar

Loyiha doirasida 30 ga yaqin yo‘l tanlamas avtomobillar va 70 dan ortiq ishtirokchilar Toshkent shahridan yo‘lga chiqib, sakkiz kun davomida Buxoro, Nukus, Mo‘ynoq, Orolbo‘yi hududi, Xiva va Navoiy shaharlaridan o‘tib, yana Toshkentga qaytadilar. Marshrut davomida ishtirokchilar Orol dengizining qurib qolgan tubi, saksovulzorlar, Ustyurt platosi kabi noyob tabiiy hududlarni, shuningdek, mintaqaga xos madaniy maskanlarni ziyorat qiladilar.
Loyihaning asosiy tadbirlari qatoriga Nukus shahrida o‘tkaziladigan avtoparad, Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyiga tashrif, Mo‘ynoq tumanidagi “Kemalar qabristoni”ni tomosha qilish, Orol dengizi va Borsakelmas qo‘riqxonasiga ekspeditsiya hamda madaniy konsert dasturlari kiradi. Tadbirni o‘tkazishda Turizm qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirok etadi.
Loyiha davomida barcha tadbirlar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va blogerlar orqali keng yoritiladi. Bu esa nafaqat ichki, balki xorijiy sayyohlar e’tiborini ham Orolbo‘yi hududiga jalb etishga, mintaqaning ijobiy imidjini yaratishga va yangi turizm yo‘nalishlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
“Orolga tashrif” loyihasi O‘zbekistonning turizm sohasida yangi imkoniyatlar eshigini ochib, Orolbo‘yi mintaqasini jahon xaritasida ekologik va sarguzasht turizm markazlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
