O‘zbekiston “TREVOLUTION 2025”da ishtirok etdi
2025-08-13 16:40:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasining turizm salohiyatini Rossiya axborot makonida keng targ‘ib qilish bilan bir qatorda, “Russian Express” tomonidan tashkil etilgan onlayn va oflayn tadbirlarda O‘zbekiston turizm sohasi vakillarining faol ishtirokini ham o‘z ichiga oladi.
Tadbirlar va B2B-uchrashuvlar joriy yilning avgust va sentyabr oylarida Rossiya Federatsiyasining yirik shaharlarida bo‘lib o‘tadi. “TREVOLUTION” loyihasi ketma-ket beshinchi yil tashkil etilmoqda va o‘z maydonida nufuzli mutaxassislar, yuqori darajadagi menejerlar, shuningdek, Rossiya va chet el mamlakatlarining yetakchi turoperatorlarini jamlaydi. “TREVOLUTION” Rossiyadagi eng yirik sayohat forumi hisoblanadi, chunki u agentlarning yangi bilim olish, rivojlanish, ilhomlanish va kasbiy nufuzini oshirish ehtiyojlariga to‘liq javob beradi. Sankt-Peterburgdagi tadbirda jami 1000 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlar ishtirok etdi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston nomidan “Milliy PR-markazi”ning mas’ul xodimlari, bir qator sayyohlik tashkilotlari va “Centrum Air” aviakompaniyasi vakillari qatnashdi.
Keyingi tadbirlar va B2B-forumlar Qozon, Yekaterinburg, Novosibirsk va Moskva kabi shaharlarda o‘tkaziladi.



