“Samarqand oshi” xalqaro gastronomik festivali – milliy taomlar bayrami
2025-08-04 09:05:00 / Yangiliklar

Festivalning birinchi kuni Sulton Hovand Beka maqbarasi – Ashratxona hududida bo‘lib o‘tdi. Bu bosqichda O‘zbekistonning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan mohir oshpazlar 5 kilogramlik brend palovlarini tayyorlab, o‘z hududlarining o‘ziga xos taom uslublarini namoyish etdilar. Palovlar ta’mi, tayyorlanish usuli va ko‘rinishi asosida baholandi. Bu orqali oshpazlar o‘rtasida tajriba almashinuvi uchun qulay muhit yaratildi.
Ikkinchi kun tadbirlari esa Alisher Navoiy ko‘chasida davom etdi. Unda 20 dan ortiq xorijiy oshpazlar qatnashib, o‘z milliy taomlarini namoyish etdilar. Mahalliy oshpazlar ham o‘z an’anaviy taomlari bilan festivalga hissa qo‘shdilar. Samarqand viloyatining barcha tumanlari faol ishtirok etib, mehmonlarga o‘z hududlariga xos taomlarni taqdim etdilar. Bu orqali viloyatning boy gastronomik merosi yana bir bor yuksak darajada namoyon etildi.
Festival doirasida turli madaniy dasturlar – jonli musiqa, raqs va teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari tashkil etildi. Ayniqsa, 30 metr uzunlikdagi rekord darajadagi shashlik tayyorlanib, xalqimizga tarqatildi. Ushbu yirik gastronomik yutuq mehmonlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Shuningdek, “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida 50 nafar mahalliy va 5 nafar xorijiy oshpaz ishtirokida 7 tonnalik palov tayyorlanib, festivalning eng yorqin voqealaridan biriga aylandi.
“Samarqand oshi” festivali nafaqat milliy taomlarimizni dunyoga tanitish, balki xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda ham muhim rol o‘ynamoqda.









