OAV vakillari uchun Qashqadaryo viloyatining sayyohlik obyektlari bo‘ylab press-tur o‘tkazildi
2025-07-31 08:35:00 / Yangiliklar

Press-tur Shahrisabz tumanidagi “Miraki” turizm markazida tashkil etilgan Oqsuv daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab piyoda va velosipedda yurish uchun o‘n kilometrlik “eko yoʻlagi”dan boshlandi. OAV vakillari ushbu maskanda mehmonlar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, bolalar maydonchasi, ko‘ngilochar bog‘, nuroniylar maskani, oilaviy mehmon uylari hamda ko‘chma savdo shoxobchalari faoliyati bilan tanishdilar.
OAV vakillari “Miraki” turizm markazida yaqin kunlarda o‘z faoliyatini boshlagan “Miraki” dor yo‘liga tashrif buyurishdi. Avstriyaning mashhur Doppelmayr Seibahnen GmbH kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dor yo‘l tizimida 7 ta mustahkam minora, 20 ta 8 o‘rinli “Carvatech” kabinalar mavjud bo‘lib, uning umumiy uzunligi 2084 metrni tashkil qiladi. Bu zamonaviy transport vositasi har soatda 660 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega. Pastki bekatda dvigatel mexanizmi, lift, suvenir do‘koni, kafe, tibbiyot punkti, ona va bola xonasi, bankomat, avtoturargoh, elektromobillarni quvvatlash stansiyasi joylashgan. Yuqori bekatda esa mehmonlar uchun umumiy ovqatlanish shoxobchasi, bolalar o‘yin maydonchasi, tomosha zonalari, selfi uchun maxsus maskanlar tashkil etilgan.
Jurnalist va bloggerlardan iborat OAV vakillari Pomir-Oloy tog‘larining g‘arbiy yon bag‘rida, dengiz sathidan 2600 metr balandlikda joylashgan shaharcha tipidagi G‘elon qishlog‘ida bo‘lishdi. OAV vakillari bu yerda yaratilgan zamonaviy turizm infratuzilmalari, ekologik va etnoturizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Qadimiy tarix va tabiiy go‘zallik uyg‘unlashgan G‘elon qishlog‘i mehmonlarda katta taassurot qoldirib, turizm sohasidagi yutuqlar, mahalliy aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar haqida keng tasavvur berdi.
Press-tur ishtirokchilari ushbu hududning sayyohlar uchun jozibador jihatlarini o‘rganib, o‘z OAV platformalari orqali keng ommaga yetkazishni maqsad qilishdi.









