Surxondaryoning Nilu qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi
2025-07-21 15:45:00 / Yangiliklar

Niluga turizm qishlog‘i maqomini berishga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Turizm qo‘mitasi va Sariosiyo tumani hokimligi mas’ullari, qishloq aholisi, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda Nilu mahallasi vohadagi qadimiy qishloq va o‘tmishdagi urf-odatlarini saqlab qolgan ajoyib go‘sha ekani ta’kidlandi. Yoz mavsumi dam oluvchilar va sayyohlar bilan gavjum bo‘layotgani, salqin tabiati, osmono‘par tog‘lari, soylardagi muzdekkina zilol suvi insonga xush kayfiyat ulashishi, bu yerda barpo etilgan sharoitlar, yangi infratuzilmalar uzoq-yaqindan keluvchi mehmonlarga qator qulayliklarni yaratishi qayd etildi.
Qishloqda mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun 21 ta oilaviy mehmon uyi tashkil qilindi. O‘n beshdan ortiq turli xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Tijorat banklarining bankomatlari o‘rnatilgan. Ko‘chalarga asfalt yotqizildi. Niluga kelgan sayyohlar endilikda go‘zal tabiat qo‘ynida otda sayr qilishi, shifobaxsh tuya sutidan bahramand bo‘lishi ham mumkin.
Mehmonlar turizm qishlog‘ida barpo etiladigan taqdimotlar bilan tanishdi. Nilu qishlog‘i, Sangardak mahallasidagi “Sangardak” sharsharasi hamda Xonjiza qishlog‘iga press-tur tashkil etildi. Shuningdek, an’anaviy milliy taomlarimizdan biri hisoblangan palovga bag‘ishlangan “Osh sayli” tadbiri ham o‘tkazilib, unda mehmonlar turli palov turlaridan tatib ko‘rish, uni tayyorlash jarayonida ishtirok etish va mahalliy oshpazlar bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar.






