“O‘zbekiston – Bahrayn” xalqaro turizm forumi: turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash
2025-07-10 13:30:00 / Yangiliklar

Forumda ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, sayyohlik kompaniyalari, aviatashuvchilar, savdo-sanoat palatalari hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, O‘zbekistonning Bahrayndagi elchisi (qarorgohi Ar-Riyodda joylashgan) Nodirjon Turg‘unov, shuningdek, Bahrayn Turizm vaziri Fatima Jaafar Al‑Sayrafi o‘z nutqlarida hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish va qo‘shma sayyohlik tashabbuslarini amalga oshirishning muhimligini ta’kidladilar.
Forum doirasida “O‘zbekiston - Ipak yo‘li durdonasi” taqdimoti o‘tkazilib, unda tarixiy-madaniy meros, sayyohlik yo‘nalishlari, shuningdek, ziyorat, tibbiyot, gastronomiya va ekologik turizm sohalaridagi yangi imkoniyatlar keng ko‘lamda namoyish etildi. O‘zbekistondagi YUNESKO Butunjahon merosi obyektlari va infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning muhim qismi ikki davlat turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi “B2B” va “G2B” uchrashuvlari bo‘ldi. Bu uchrashuvlar bevosita aloqalar o‘rnatish, sayohatlarni tashkil etish istiqboli loyihalarni muhokama qilish, shuningdek, Bahrayn turoperatorlari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun info-turlarni o‘tkazish imkoniyatini yaratdi.
Manama mehmonlari va aholisi uchun Prezident Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, infratuzilmani rivojlantirish va yangi sayyohlik obyektlarini barpo etish, madaniy meros yodgorliklari, milliy taomlar, hunarmandchilik hamda o‘zbek xalqining an’analarini aks ettiruvchi “Yangi O‘zbekiston” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi.
“O‘zbekiston - Bahrayn" xalqaro turizm forumi Bahrayn aholisining O‘zbekistonga bo‘lgan katta qiziqishini ko‘rsatdi, uning sayyohlik uchun istiqbolli yo‘nalish sifatidagi o‘rnini mustahkamladi va mintaqada hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.









