O‘zbekiston turizm salohiyatini Kuvaytda keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi
2025-07-10 10:55:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida tomonlar turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar, bunda ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlar almashinuvini oshirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, qishki, tog‘ va ekologik turizmni rivojlantirish hamda qo‘shma sayyohlik dasturlarini ishlab chiqish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.
Al-Mutayriy Kuvayt turoperatorlarining O‘zbekistonga o‘z sayyohlari uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida yuqori qiziqish bildirganini ma’lum qildi. U O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi, xususan Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar, Kuvayt aholisida katta qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidladi.
Tomonlar kuvaytlik va o‘zbekistonlik hamkorlarga sayohatlarni tashkil etish va turizm sohasida ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, Kuvayt turoperatorlari va ommaviy axborot vositalari uchun tanishtiruv turlarini (press-tur va fam-tur) o‘tkazishda har tomonlama ko‘maklashishga tayyorliklarini bildirdilar.
Sayyohlar oqimini faollashtirish uchun O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish zarurligi alohida qayd etildi. Shu munosabat bilan tomonlar Toshkent va Al-Kuvayt o‘rtasida muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini izhor etdilar, bu esa logistikani sezilarli darajada osonlashtiradi va sayyohlar sonining oshishiga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonni Kuvayt bozorida targ‘ib qilish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

