O'zbekistonning Janubiy Koreyadagi turizm brendi elchisi tayinlandi
2025-07-02 10:40:00 / Yangiliklar

Tadbirda Janubiy Koreya parlamenti a'zolari, madaniyat va turizm sohasidagi yetakchi mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari va nufuzli blogerlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar davlatimiz rahbarining "Samarqand – Yangi O'zbekistonning turizm darvozasi" tashabbusi hamda yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosini namoyon etuvchi Toshkent, Buxoro, Xorazm kabi shaharlarning sayyohlik salohiyati bilan tanishdilar.
O'zbekiston va Koreya Respublikasi o'rtasida turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi. Bu kabi tadbirlar xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi urg'ulandi.
Janubiy Koreya vakillari mamlakatimizda so'ngi yillarda turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholashdi.
Global shaharlar turizmini rivojlantirish tashkiloti bosh kotibi Kang Da-yun aytishicha, ushbu lavozim nafaqat faxriy unvon, balki O'zbekistonning boy va betakror turistik salohiyatini xalqaro miqyosda ilgari surish imkonini ham yaratadi.
Yangi lavozimdagi faoliyati doirasida bosh kotib O'zbekistonning turistik imkoniyatlarini jahon bozorida faol targ'ib etishga alohida e'tibor qaratishini alohida ta'kidladi.
Tadbir ishtirokchilari o'zbek milliy kuy va qo'shiqlaridan bahramand bo'ldilar. Shuningdek, yig'ilganlar uchun o'zbek milliy taomlari, jumladan bayramona palov ulashildi.
Global shaharlar turizmini rivojlantirish tashkiloti 2002-yilda tashkil etilgan. Tashkilot bugungi kunda 17 mamlakatdan 131 shaharni birlashtirgan va mintaqaviy turizmni barqaror rivojlantirishda yetakchi rol o'ynab kelmoqda. Samarqand shahri ham tashkilotning a'zosi hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi – yirik shaharlar o'rtasida turizm industriyasini jadal rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish, o'zaro tajriba va bilim almashuvini ta'minlashdan iborat.
