“Eng namunali yashil turizm obyekti” tanlovi tashkil etiladi
2025-07-01 09:45:00 / Yangiliklar

Mazkur qarorga muvofiq, tanlov turizm obyektlarida bir martalik plastik mahsulotlardan foydalanishda ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) mahsulotlarga o‘tish borasida yaxshi natijalarga erishgan, shuningdek, sohaga oid ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etib, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda o‘z faoliyatida chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘tkaziladi.
Siz ham tanlovda ishtirok etishni istaysizmi unda quyidagi talablar bilan tanishib chiqing va quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘ting.
Turizm obyektlari, shu jumladan, joylashtirish vositalarida atrof-muhitga salbiy ta’siri kamaytirilgan mahsulotlardan foydalanishni, shuningdek, sohada ekologik talablar asosida ko‘rsatiladigan xizmatlarni rag‘batlantirish tizimini joriy etish maqsadida tanlov o‘tkaziladi.
Tanlovni o‘tkazishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda uning chiqindilar bilan ifloslantirilishining oldini olish;
turizm obyektlarida plastik mahsulotlardan foydalanishni hamda plastik chiqindilarni kamaytirish;
turizm obyektlarida bir martalik plastiklardan ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) mahsulotlarga o‘tish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish;
ekologik talablar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekologik mezonlarga rioya etilishiga erishish;
turizm obyektlarida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan innovatsion yechimlar hamda istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash.
Tanlov ishtirokchilari Turizm qo‘mitasining rasmiy veb-sayti orqali 1-avgustga qadar ro‘yxatdan o‘tishi lozim.
Ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar nomzodi 10-avgustga qadar hududiy komissiyalarga yuboriladi. Hududiy saralash bosqichi sentabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida bo‘lib o‘tadi. Hududiy saralash bosqichlari g‘oliblari oktabr-noyabr oylarida respublika yakuniy bosqichi miqyosida o‘tkaziladi.
Tanlovning respublika yakuniy bosqichi g‘oliblari noyabr oyida quyidagi:
1-o‘rin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida;
2-o‘rin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida;
3-o‘rin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti tartibda taqdirlanadi.
Bunda tanlovda g‘olib deb topilgan ishtirokchilar kelgusida uch yil davomida o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tanlovda g‘olib deb topilgan ishtirokchilari bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotini olgan kundan boshlab uch yildan kam bo‘lmagan muddatda Respublika komissiyasi tomonidan belgilangan baholash mezonlari asosida faoliyat yuritishi hamda ushbu davr mobaynida ularga rioya etishlari lozim.
