Londonda o‘tkaziladigan festivalda O‘zbekistonning gastronomik turizmi taqdim etiladi
2025-06-21 10:50:00 / Yangiliklar

Turizm qo‘mitasi, “CHUSTIY’S FOOD” LLC, Londondagi “OshPaz” o‘zbek milliy taomlari restorani hamda mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi, Madaniyat vazirligi, “Uzbekistan Airways” AJ, “Vatandoshlar” jamoat fondi, Buyuk Britaniyadagi O‘zbek diasporasi hamqorligida tashkil etilayotgan festival davomida 100 dan ortiq O‘zbekiston san’at ustalari, madaniyat xodimlari, hunarmandlar, nufuzli dizaynerlar va milliy brend asoschilari, shuningdek, turoperatorlar va oshpazlar ishtirok etadi.
Festival O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, madaniyati va oshxonasiga bag‘ishlanib, tashrif buyuruvchilarga yurtimizning boy an’analari va betakror gastronomik xususiyatlarini namoyon etadi.
Tadbir doirasida Londonda forum o‘tkaziladi. Unda O‘zbekistonning turizm salohiyati taqdimotlari o‘tkaziladi, sohaning asosiy vakillari bilan uchrashuvlar hamda Buyuk Britaniyaning yetakchi sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan B2B muzokaralari tashkil etiladi.
Tadbirlar O‘zbekistonning boy sayyohlik va madaniy merosini, shuningdek, uning rang-barang gastronomiyasini namoyish etishga qaratilgan bo‘lib, mamlakatlar o‘rtasidagi sayyohlik oqimining o‘sishiga ko‘maklashgan holda turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashni ham maqsad qilgan.
