“Orol dengiziga poyezd” yoshlarni turizmni rivojlantirish va tabiatni muhofaza qilish uchun birlashtiradi
2025-05-30 12:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonning barcha hududlaridan saralangan 600 nafardan ziyod faol, tashabbuskor yoshlar “Orol dengiziga poyezd” yoshlar ekologik aksiyasi doirasida Nukusdagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Biz bir oila farzandlarimiz” shiori ostida tashkil etilgan xalqlar do‘stligi festivalida ishtirok etdilar.
Shuningdek, aksiya ishtirokchilari Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga tashrif buyurib, “Orol bizniki” shiori ostida Mo‘ynoqqa sayohat loyihasi doirasida “Orol dengizi tarixi muzeyi”, kemalar qabristoni va memorial majmualari bilan tanishadilar.
Shu bilan birga, faol yoshlar “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida “AralForest” hamda “GreenAralSea” ijtimoiy loyihalari bilan sho‘r va qumli tuproqlarda o‘suvchi o‘simliklar ekish ishlarini amalga oshirdilar.
“Orol dengiziga poyezd” yoshlar ekologik aksiyasi davomida ishtirokchilar tomonidan ekologiya va iqlim o‘zgarishiga hamda turizm sohalariga bag‘ishlangan taqdimotlarni tayyorladilar va seminar-treninglarda ishtirok etdilar.
“Orol dengiziga poyezd” loyihasi turizmni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, u ekologiya va madaniyatni uyg‘unlashtirgan holda yoshlarni noyob Orolbo‘yi hududini o‘rganish va asrab-avaylashga jalb etmoqda.









