“Al Jazeera” telekanalida O‘zbekistonning turistik jozibadorligi targ‘ib etiladi
2025-05-26 11:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 22-30-may kunlari O‘zbekistonga tashrifi davomida telekanal ijodiy jamoasi tarixiy shaharlarimiz Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, xususan, o‘zbek madaniyati, urf-odatlari, turizm qishloqlari, madaniy meros obyektlari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va umuman turizm sohasida amalga oshirilayotgan eng so‘nggi islohotlar, yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishib, tasvirga olish ishlarini amalga oshirmoqda.
Ushbu ko‘rsatuv orqali millionlab teletomoshabinlar O‘zbekistonning boy madaniyati, tarixiy yodgorliklari, samimiy mehmondo‘stligi, ziyorat qilishga arziydigan joylari haqida yanada kengroq tasavvurga ega bo‘ladilar. Bu esa mamlakatga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi hamda O‘zbekistonning ijobiy imijini mustahkamlashga va xalqaro maydonda turizm sohasida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.




