O‘zbekiston Xitoyda Turizm yili doirasida bir qator turistik roudshoularni o‘tkazdi
2025-05-23 10:00:00 / Yangiliklar

Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari va uyushmalari, aviakompaniyalar, davlat idoralari vakillari hamda yetakchi ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Roudshou doirasida O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosini, shuningdek, ekologik, gastronomik va ishbilarmonlik turizmining imkoniyatlarini namoyish etuvchi noyob sayyohlik yo‘nalishlari taqdim etildi. Jizzax va Xorazm viloyatlarining sayyohlik salohiyati hamda Toshkent shahrining investitsiyaviy imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi va alohida taqdimotlar orqali ko‘rsatib berildi.
Tadbir mehmonlari uchun o‘zbek san’atkorlari ishtirokida madaniy dastur ham tayyorlangan bo‘lib, bu xitoylik ishtirokchilarga O‘zbekistonning o‘ziga xos jihatlari va mehmondo‘stligi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
O‘zbekiston va Xitoy sayyohlik kompaniyalari hamda tashkilotlari o‘rtasida o‘tkazilgan roudshou davomida hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma turlarni tashkil etish, reklama kampaniyalarini o‘tkazish va turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 15 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi, shuningdek, turizm sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.









