O‘zbekiston – BMT Turizm Yevropa komissiyasi raisligiga nomzodini ilgari surdi
2025-05-13 18:10:00 / Yangiliklar

Ushbu tashabbusni muhokama qilish va O‘zbekiston nomzodini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 13-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev Toshkentda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashdilar.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning mazkur raislikka nomzodini ilgari surishi — mamlakatimizning turizm sohasidagi izchil islohotlari, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi amaliy qadamlar, shuningdek, barqaror va inklyuziv turizmni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasining e’tirofi sifatida baholanayotgani qayd etildi.
Rais sifatida, O‘zbekiston Markaziy Osiyoni yagona turizm makoni sifatida targ‘ib qilish, transchegaraviy marshrutlarni rivojlantirish, raqamli yechimlarni keng joriy etish, shuningdek, BMT Turizm tashkiloti doirasida mintaqaviy muloqotni kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtirmoqda.
BMT Turizm Yevropa komissiyasi tarkibiga Yevropa, Markaziy va G‘arbiy Osiyoning 41 ta davlati kiradi. Komissiya Yevropa mintaqasidagi turizm siyosatini shakllantirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda barqaror va inklyuziv turizmni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Komissiyaning 71-yig‘ilishi 2025-yil 4–6-iyun kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu yig‘ilish davomida 2025–2027-yillarda BMT Turizm Yevropa komissiyasiga rais saylovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.









