“Travel Watch”: O‘zbekiston o‘zining arxitekturasi, tabiati va o‘ziga xos muhiti bilan hayratda qoldirmoqda
2025-05-07 17:00:00 / Yangiliklar

Yaponiyaning yetakchi “Travel Watch” sayyohlik portalida mashhur jurnalist Toshikazu Murakamining “O‘zbekiston qanday mamlakat? Markaziy Osiyodagi maftunkor moviy gumbazli masjidlari bilan tanilgan mamlakatga tashrif buyurdik” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Jurnalist O‘zbekistonga qilgan safari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. U mamlakatning sayyohlik salohiyatini, boy madaniy merosini, xavfsizlik darajasini va mahalliy aholining mehmondorligini yuqori baholadi.
Maqolada O‘zbekiston Yaponiya fuqarolari 30 kungacha vizasiz kira oladigan tinch va mehmondo‘st davlat sifatida tasvirlangan. Muallif, shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlarning tarixiy va me’moriy ahamiyatini ta’kidlagan. Diqqatga sazovor joylar orasida Ichan-qal’a va Pahlavon Mahmud maqbarasi islom me’morchiligining yorqin namunalari sifatida alohida ajratib ko‘rsatilgan.
Shuningdek, jurnalist mehmonxonalardagi xizmat ko‘rsatish darajasi yuqoriligini alohida ta’kidladi. Maqolada yaponiyalik sayyohlar uchun amaliy maslahatlar, jumladan, rouming, mahalliy SIM-kartalar va mavjud aviareyslar haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Muallifni, ayniqsa, o‘zbekistonliklarning mehmondo‘stligi va samimiyati hayratga soldi. U mamlakatda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglik va erkin muhitni ham e’tirof etdi.
Ushbu maqola yaponiyalik sayyohlarning e’tiborini jalb qilishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekistonga istiqbolli sayyohlik yo‘nalishi sifatida qiziqishning ortishiga turtki bo‘lishi kutilmoqda.
