«Пятый канал» O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini namoyish etmoqda
2025-04-11 17:15:00 / Yangiliklar

Ijodiy guruhning Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi sayyohlik va tarixiy joylariga safari Turizm qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda uyushtirildi.
Lavhalardan birida rossiyalik tomoshabinlarga o‘zbek oshxonasi olamiga sho‘ng‘ish va afsonaviy taom - palov tayyorlash an’analarini o‘rganish imkoniyati taqdim etiladi. Ta’kidlanishicha, har bir hududning o‘ziga xos palov retsepti mavjud bo‘lib, eng mashhurlar orasida Toshkent to‘y palovi va Buxoro shohona palovi alohida ajralib turadi.
Dasturda O‘zbekistonda gilam to‘qish va qog‘oz tayyorlash jarayoni haqida ham so‘z yuritiladi. Boshlovchi ikki ming yilgacha saqlanib qolishi mumkin bo‘lgan noyob buyumlarni yaratish uchun faqat tabiiy bo‘yoqlar qo‘llaniladigan ustaxonalarga tashrif buyuradi. Tomoshabinlarga zamonaviy iplarda qancha oltin mavjudligi, shuningdek, o‘tmishda nima sababdan zardo‘zlik hunari bilan faqat erkaklar shug‘ullanganligini tushuntirib beriladi.
O‘zbekistonda turizm infratuzilmani takomillashtirish va mamlakatning madaniy an’analarini targ‘ib qilish orqali jadal sur’atda rivojlanmoqda. So‘nggi yillarda xorijiy sayyohlar uchun sharoitlar sezilarli darajada yaxshilandi, tashrif buyurish jarayoni ancha soddalashtirildi. Bu chora-tadbirlar sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilmoqda, bu esa o‘z navbatida iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.




