Rossiyaning “Жизнь других” dasturi ijodiy guruhi Buxoroda
2025-04-07 19:20:00 / Yangiliklar

Tashrif O‘zbekistonning turizm salohiyatini Rossiya bozorida yanada kengroq tanitish, mamlakatimizning tarixiy, madaniy, tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini targ‘ib qilish hamda Rossiya va MDH davlatlaridan keladigan sayyohlar sonini oshirish maqsadida tashkil qilindi.
Ta’kidlash joizki, ko‘rsatuvning avvalgi sonlari Turizm qo‘mitasi ko‘magida 2023-yilda Toshkent va 2024-yilda Samarqand shaharlarida tasvirga olingan.
Bu safar dastur ijodkorlari O‘zbekistonning eng qadimiy va madaniy jihatdan boy shahri - Buxoroning ajoyib arxitekturasi, tarixiy yodgorliklari, qadimiy madaniy merosi, diqqatga sazovor joylari, turistik manzillari, shuningdek, zamonaviy hayoti va mehmondo‘stligini aks ettiradigan ko‘plab ma’lumotlarni keltirishni rejalashtirgan.
Dasturining boshlovchisi Janna Badoyeva boshchiligidagi ijodiy guruh Buxorodagi bog‘chalar, maktablar va universitetlar, tibbiyot birlashmalari, oilaviy an’analar va o‘ziga xos turistik xizmatlar to‘g‘risida videofilm suratga olish ishlarini amalga oshirdilar.
Teledastur orqali, Rossiyaning ko‘plab tomoshabinlari, Buxoro va O‘zbekistonning boshqa go‘zal va tarixiy shaharlariga sayohat qilish istagini uyg‘otishadi. Rossiyalik tomoshabinlar, dastur orqali O‘zbekistonning boy madaniyati, tarixiy yodgorliklari, samimiy mehmondo‘stligi, ziyorat qilishga arziydigan joylari haqida yanada kengroq tasavvurga ega bo‘ladilar.
Ma’lumki, “Жизнь других” teledasturi 2019 yildan beri efirga uzatilib kelinib, bugungi kunda teledasturning umumiy kuzatuvchilari soni dunyo bo‘ylab 250 milliondan oshiqni tashkil etadi.





