Asosiy kontentga o'tish

Samarqand shahridagi Xalqaro turizm akademiyasi 2025-yil aprel oyida o‘z kurslarini ochadi

2025-04-02 14:55:00 / Yangiliklar

Belgiyaning “Travel Tomorrow” nashrida “BMT Turizm” bilan hamkorlikda ochilgan Samarqanddagi Xalqaro turizm akademiyasiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, 2025-yil aprel oyidan boshlab Samarqand shahrida BMTning yangi Turizm akademiyasi o‘z faoliyatini boshlaydi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va “BMT-Turizm” bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu Akademiya turizm sohasida sifatli ta’limni rivojlantirish hamda inson resurslarini takomillashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Akademiya tomonidan beriladigan sertifikat va diplomlar xalqaro miqyosda tan olinadi. Bu e’tirof “BMT-Turizm! tashkiloti bilan hamkorlik va jahon ta’lim standartlariga muvofiqlik asosida ta’minlanadi.

Samarqanddagi Xalqaro turizm akademiyasidagi o‘quv kurslari Shveysariyaning mehmonxona menejmenti sohasidagi yetakchi “Les Roches” ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda olib boriladi. Talabalar turizm sohasidagi xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalarni o‘rganadilar, bunda turizmni barqaror rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Nazariy seminarlar bilan bir qatorda, akademiya amaliy tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratadi. Xususiy kompaniyalarda o‘tkaziladigan amaliyotlar talabalarga real ish tajribasini qo‘lga kiritish imkonini beradi. Kurslar keng auditoriyaga mo‘ljallangan bo‘lib, ular ham yangi boshlovchilar, ham sohada tajribaga ega bo‘lganlar uchun birdek foydalidir.

Akademiyaning “Mehmonxona biznesini boshqarish” nomli birinchi kursi 21-aprelda boshlanib, 2025-yil 21-dekabrgacha davom etadi. Kurs ingliz va rus tillarida olib boriladi. U asosan soha mutaxassislariga mo‘ljallangan bo‘lib, tinglovchilar to‘liq kursni yoki alohida modullarni tanlash imkoniyatiga ega. Xorijlik talabalar ariza topshirishlari, akademik ma’lumotnomalar, pasport nusxasi va til bilish darajasini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari mumkin.

Talabalar kampus hududida kutubxona, turizm tadqiqot markazi, talabalar yotoqxonalari va dam olish joylaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Dastur mehmonxona sanoatining muayyan sohalariga qaratilgan sakkizta turli modulni o‘z ichiga oladi. Turizmdagi innovatsion, muqobil va barqaror yo‘nalishlardan tortib, tadbirlarni boshqarish hamda mehmonxona ko‘chmas mulki va investitsiyalarigacha - talabalar soha haqida keng qamrovli tushunchaga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ular kelajakdagi sanoat muammolariga tayyorlaydigan amaliy bilimlar va zamonaviy usullarni o‘zlashtiradilar.

293

Oxirgi yangilanish: 2025-04-02 15:09:54

Samarqand shahridagi Xalqaro turizm akademiyasi 2025-yil aprel oyida o‘z kurslarini ochadi